Amir Temur maqbarasi

Tadbir haqida

Amir Temur maqbarasi O‘rta Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etiladi. Maqbara qurilishi buyuk Sohibqiron Amir Temur tomonidan 1403-yilda boshlanib, Mirzo Ulug‘bek davrida tugallangan.

Maqbara bitgach, Amir Temurning ma’naviy ustozi Mirsayid Barakaning jasadi shu maqbaraga ko‘chiriladi va Sohibqironning bosh tomoniga dafn etiladi. Ba’zi  rivoyatlarga qaraganda, Amir Temur pirining oyoq tomoniga dafn qilinishini vasiyat qilgan. Maqbaraga Mironshoh Mirzo, Shohruh Mirzo, Shayx Sayyid Umar, Mirzo Ulug‘bek va Ulug‘bekning go‘dakligida vafot etgan ikki farzandi – Abdulla va Abdurahmonlar ham dafn qilingan.

Ulug‘bek tomonidan binoning ichi yangidan bezatiladi, maqbara sahniga daxmalar qo‘yilib, atrofiga nafis marmar toshdan panjara qilinadi. Maqbaraga 1424-yildan boshlab uning sharq tomoniga taqab qurilgan ko‘p gumbazli galereya orqali kiriladi. Muhammad Sulton majmuasidan faqat peshtoqigina saqlangan. Gumbazda jez, lojuvard va tilla suvlari ishlatilgan.

Maqbara devorlariga zangori, havo rang va oq sirli koshinlar qoplangan, bu koshinlar geometrik shaklda terilib, arabcha xat bitilib, ustalik bilan ishlangan. Gumbaz ostki qismining aylanasi diametri 15 metr, aylana balandligi 12,5 metr bo‘lsada, uning og‘irligi sezilmaydi. Maqbara hilxonasidan gumbaz uchigacha 36 metrni tashkil etadi.

Mirzo Ulug‘bek davrida maqbaraga kirish uchun qurilgan eshikning yoni va tepalari nafis bezatilgan. Devorning pastki qismida ko‘kimtir shaffof oniks toshidan ishlangan izora bor. Oniksning choklari ko‘kimtir toshlar terib bezatilgan.

Maqbaraning o‘rtasiga joylashgan sag‘analar ustida temuriylarga bag‘ishlangan yozuvli toshlar bor. Amir Temurning qabri ustiga to‘q yashil rangli nefrit tosh qo‘yilgan.

1994-1996-yillarda maqbarada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan katta hajmdagi ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi.

Yosh cheklanishlari / Til

Русский
Amir Temur maqbarasi Amir Temur maqbarasi

Tadbir bo'lib otadigan joy
1/4, Universitetskiy Boulevard Бўстонсарой кўчаси, Samarqand